Saida Mirziyoyeva hayvonlarga mehr bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ota-onalarni bolalarda erta yoshdanoq hayvonlarga nisbatan hurmat va mehr-oqibat tuyg‘usini shakllantirishga chaqirdi hamda ularga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun javobgarlik kuchaytirilganini eslatdi.
Uning taʼkidlashicha, 28 iyundan mamlakatda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar kuchga kirgan bo‘lib, ularga muvofiq hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun belgilangan maʼmuriy jarimalar ikki barobar oshirilgan.
Shuningdek, bunday huquqbuzarliklar uchun 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Agar shunday harakatlar takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlik, jumladan, ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar nafaqat aybdorlarni jazolash, balki jamiyat muhim deb hisoblaydigan qadriyatlarni mustahkamlashga ham qaratilgan.
«Jamiyatimiz xavfsizligi zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatga bevosita bog‘liq. Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun jazoning kuchaytirilishi har qanday hayotga hurmat mutlaq meʼyor hisoblanadigan muhitni shakllantirishga xizmat qiladi», — dedi u.
Prezident Administratsiyasi rahbari, shuningdek, boshqalarning hayotiga hurmat oiladan boshlanishini taʼkidladi. Uning fikricha, ota-onalar farzandlariga ojizlarga ozor bermaslikni va haqiqiy kuch hech qachon shafqatsizlik orqali namoyon bo‘lmasligini o‘rgatishi lozim.
Saida Mirziyoyeva o‘z murojaatini Prezident Administratsiyasining mo‘ynali “xodimlari” — Yalpiz va Darxon ishtirok etgan videorolik bilan birga eʼlon qildi.