O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Boshpanasiz shaxslar qo‘llab-quvvatlanadi

UzDaily tahririyati · 05.08.2026 · 10:30 · 22 views
Boshpanasiz shaxslar qo‘llab-quvvatlanadi
Boshpanasiz shaxslar qo‘llab-quvvatlanadi   / Foto: O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
 
Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.
 
Boshpanasiz shaxslarni Ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
 
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab:
 
Ijtimoiy markazlarga boshpanasiz shaxslar ularning roziligi bilan joylashtiriladi;
 
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana hamda ushbu markazlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlanadi;
 
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar individual rejalarga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi va boshqalar.
 
2026 yil 1 oktyabrdan Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etiladi hamda ularni kasbga o‘qitish bo‘yicha tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali vaucherlar ajratiladi.
 
Boshpanasiz shaxslar Ijtimoiy markazlarda bo‘lgan davrida ushbu muassasaga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.
 
Boshpanasiz shaxslarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.