O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Prezident Administratsiyasi to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi

UzDaily tahririyati · 05.08.2026 · 10:40 · 27 views
Prezident Administratsiyasi to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi
Prezident Administratsiyasi to'g'risidagi qonun loyihasi birinchi o'qishda qabul qilindi  / Foto: Oliy Majlis Senati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash lozimki, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq mamlakatimizda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlatchiligimiz rivojining tarixiy tajribasiga tayangan holda davlat hokimiyati va boshqaruvining samarali tizimi yaratilgan. Unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi. Konstitutsiyamizda davlat hokimiyatining tashkil etilishi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati asoslari alohida boblarda batafsil bayon etilgan.

Konstitutsiyamizning XIX bobi O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Prezident davlat boshlig‘i maqomida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, shuningdek uning mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini ta’minlashdagi o‘ta muhim vakolatlari mustahkamlangan. Konstitutsiyada belgilangan Prezident vakolatlari nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, ularning samarali amalga oshirilishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy ta’minlash Prezident Administratsiyasi zimmasiga yuklatilgan.

Xususan, Asosiy Qonunimizning 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy, tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini shakllantiradi hamda uning Rahbarini tayinlaydi. Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.

Loyihada Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek Administratsiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qilishi belgilanmoqda.

Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari ochib berilgan.

Mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.