Xorazm va Namangan viloyatida narkotik jinoyatlari fosh etildi
Xorazm va Namangan viloyatida narkotik jinoyatlari fosh etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorazm va Namangan viloyatlarida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari hamda bojxona xizmati xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom mamlakat» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida narkotik vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi.
Xorazm viloyatining Urganch tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari muqaddam sudlangan, 2000 yilda tug‘ilgan shaxsni Rossiya Federatsiyasidan taksi orqali yuborilgan posilkani qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga oldi.
Tekshiruv davomida posilka ichida o‘n dona shokolad qadog‘i bo‘lib, ularning ichiga jami 967 gramm gashish yashirilgani aniqlandi. Narkotik vosita musodara qilinib, ish materiallariga ashyoviy dalil sifatida qo‘shildi.
Yana bir holat Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida aniqlandi. Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, 1988 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro o‘ziga tegishli yer uchastkasida keyinchalik sotish maqsadida 423 tup kannabis yetishtirgan.
Aniqlangan barcha o‘simliklar musodara qilinib, belgilangan protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.