109 yoshida mehnat faxriysi Ibrohim Xo‘jayev vafot etdi
109 yoshida mehnat faxriysi Ibrohim Xo‘jayev vafot etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida O‘zbekiston aholisi orasida katta hurmat-eʼtibor qozongan mehnat faxriysi Ibrohim Xo‘jayev 109 yoshida vafot etdi. Bugun Mullaquduq qishlog‘ida uning yaqinlari va oila aʼzolariga hamdardlik bildirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Ibrohim Xo‘jayev mehnat faoliyatini 1943 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida boshlagan. U ko‘p yillar davomida To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlaridagi jamoa xo‘jaliklarida mehnat qilgan.
Ko‘p yillik halol va fidokorona mehnati uchun Ibrohim Xo‘jayevga mehnat faxriysi unvoni berilgan. Shuningdek, u 2019 yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Motam marosimida “Nuroniy” jamg‘armasi respublika kengashi raisi, senator va O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning marhumning oilasiga yo‘llagan taʼziyasini o‘qib eshittirdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov mehnat faxriysining boy hayotiy tajribasi, keng jamoatchilik orasidagi yuksak obroʻ-eʼtibori va ibratli o‘gitlarini eʼtirof etib, ortida qolganlarga hamdardligini bildirdi.