Xitoylik investorlar Farg'onada turizm loyihalarini amalga oshirmoqdalar
Xitoylik investorlar Farg'onada turizm loyihalarini amalga oshirmoqdalar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona tumanidagi “Qabullar uyi”da viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Butunxitoy sanoat va savdo federatsiyasi Turizm palatasi raisi Szi Syaodun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda avvalgi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida turizm sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya loyihalari haqida so‘z bordi.
Samimiy muloqotda hamkorlik munosabatlari o‘zaro manfaat, do‘stlik va ishonch tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. O‘zbekistonda, ayniqsa Farg‘ona viloyatida yaratilgan qulay investitsiya muhiti xitoylik investor va tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otayotgani alohida eʼtirof etildi. Xitoy investitsiyalarini viloyat iqtisodiyotiga yana-da faol jalb etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda xalqaro talablar va zamonaviy standartlarga to‘liq javob beradigan yirik “Hayvonot bog‘i”ni barpo etish loyihasi taqdim etildi. Loyihaning konsepsiyasi, infratuzilmasi hamda turizm sohasini rivojlantirishdagi ahamiyati yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Farg‘ona tumanidagi Shohimardon va Yordon hududlarining turizm salohiyatini yana-da yuksaltirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, mazkur hududlarda turistik erkin iqtisodiy zona tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Ayniqsa, qo‘shni Qirg‘iziston bilan kun sayin rivojlanib borayotgan hamkorlik munosabatlari mazkur tashabbuslarning samaradorligi va istiqbolini taʼminlashda muhim omil ekani taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida logistika, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha ham muhim loyihalarni amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi.
Mavjud turizm loyihalarini yana-da mukammallashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Loyihalarni yana-da takomillashtirish, ularning iqtisodiy samaradorligini oshirish va investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirish chora-tadbirlari, bunda Xitoy tajribasidan muvafaqqiyatli foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ilgari surilgan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Kelgusida hamkorlikni yirik kompleks investitsiya loyihalari va konsepsiya mexanizmlari asosida izchil davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.