Venesuelada zilzila qurbonlari soni 3,3 mingdan oshdi
Venesuelada zilzila qurbonlari soni 3,3 mingdan oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 24 iyun kuni Venesuelada sodir bo‘lgan vayronkor zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 342 nafarga yetdi. Bu haqda Venesuela Bolivar Respublikasi Milliy assambleyasi (parlament) raisi Xorxe Rodriges hukumat maʼlumotlariga tayanib, X ijtimoiy tarmog‘ida maʼlum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
«3 342 nafar halok bo‘ldi, 16 740 kishi jabrlandi, 6 462 nafar inson qutqarildi», — deyiladi Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges o‘zining Telegram-kanalida eʼlon qilgan hujjatda.
So‘nggi ikki sutka davomida tirik holda qutqarilganlar soni o‘zgarmagan, halok bo‘lganlar soni esa yana 388 nafarga ko‘paygan.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, hozirga qadar 86 794 ta oilaga yordam ko‘rsatilgan, 17 345 nafar kishi esa uy-joysiz qolmoqda. Tabiiy ofat oqibatida 856 ta bino shikastlangan bo‘lib, ulardan 190 tasi butunlay vayron bo‘lgan. 24 iyun kuni sodir bo‘lgan ikki kuchli zilziladan keyin mamlakatda jami 995 ta aftershok qayd etilgan.
Falokat oqibatlarini bartaraf etish ishlarida 4 088 nafar xorijlik qutqaruvchi, shuningdek, 29 567 nafar harbiy xizmatchi, favqulodda xizmatlar xodimlari va boshqa mutaxassislar ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, ishlarga 27 482 nafar ko‘ngilli jalb qilingan.
Boshpanasiz qolgan aholini joylashtirish uchun 79 ta vaqtinchalik lager tashkil etilgan. Hokimiyat jabrlangan hududlarga 9 585 tonna oziq-ovqat hamda 669 008 litr ichimlik suvi yetkazib bergan.