O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota va Urganch o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslarni yo'lga qo'yadi

UzDaily tahririyati · 12.07.2026 · 23:20 · 28 views
FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota va Urganch o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslarni yo'lga qo'yadi

FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota va Urganch o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslarni yo'lga qo'yadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 3-sentyabridan boshlab Qozog‘istonning FlyArystan aviakompaniyasi Olmaota – Urganch – Olmaota yo‘nalishidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni amalga oshiradi.

Yangi reyslar haftasiga ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari bajarilishi rejalashtirilgan. Ushbu yangi havo qatnovi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi transport bog‘liqligini yanada mustahkamlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi. 

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi, avvalo, Qozog‘istondan Xorazm viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini oshirish, sayohatni yanada qulay va tezkor qilish hamda viloyatning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Xorazm – asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri bo‘lib kelgan, betakror madaniy meros, noyob me’moriy obidalar va boy milliy an’analar mujassam hudud hisoblanadi. Ayniqsa, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan-qal’a majmuasi, qadimiy Xiva shahri, milliy hunarmandchilik, an’anaviy taomlar va mehmondo‘stlik muhiti xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi.

Yangi aviaqatnov munosabati bilan Xorazm viloyatining boy turizm salohiyatini namoyon etuvchi maxsus targ‘ibot materiallari tayyorlanib, Qozog‘istonda keng qamrovli axborot-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Mazkur kampaniya orqali qo‘shni mamlakat fuqarolariga Xorazmning tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turistik infratuzilmasi, ziyorat, madaniy va gastronomik turizm imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar yetkazilmoqda.