O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda ijara shartnomalari soni 568 mingdan oshdi

UzDaily tahririyati · 30.06.2026 · 21:35 · 33 views
O‘zbekistonda ijara shartnomalari soni 568 mingdan oshdi

O‘zbekistonda ijara shartnomalari soni 568 mingdan oshdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi soliq organlari 2026 yil yanvar–may oylari uchun mol-mulk ijarasi shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlarini sarhisob qildi.

Idoraning rasmiy statistika maʼlumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda davlat soliq xizmati organlarida rasman 568,1 mingta amaldagiijara shartnomasi hisobga olingan. Mazkur hisobot davrida barcha ro‘yxatdan o‘tkazilgan kelishuvlar bo‘yicha hisoblangan soliq majburiyatlarining umumiy hajmi 506 milliard so‘mga yetdi.

Bozorning salmoqli qismi fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan 394,8 mingta ijara shartnomasi asosida jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha 386 milliard so‘m hisoblangan.

Tahlilchilar ushbu sektorni legallashtirish jarayonida ijobiy dinamika kuzatilayotganini qayd etmoqda. 2025 yil yanvar–may oylarining shu davri bilan taqqoslaganda, fuqarolar o‘rtasida ro‘yxatdan o‘tgan ijara shartnomalari soni 19,2 foizga, hisoblangan soliqlar umumiy hajmi esa 34,2 foizga oshgan.

Korporativ sektorda ham barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Yuridik shaxslar ishtirokida tuzilgan 173,2 mingta rasmiy ijara shartnomasi asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar hajmi 120 milliard so‘mni tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘tgan yilning dastlabki besh oyi bilan taqqoslaganda, korxonalar o‘rtasida ro‘yxatdan o‘tgan shartnomalar soni 22,6 foizga, hisoblangan soliq to‘lovlari hajmi esa 16,8 foizga ko‘paygan.

Davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida soliq imtiyozlari taqdim etilmoqda. Oliy taʼlim muassasalari talabalariga turar joyni rasman ijaraga beruvchi ko‘chmas mulk egalari mazkur faoliyatdan olingan daromadlar uchun soliq to‘lashdan to‘liq ozod qilingan.

2026 yil yanvar–may oylari davomida ijara beruvchilar tomonidan qo‘llanilgan soliq imtiyozlarining umumiy hajmi 46,5 milliard so‘mni tashkil qildi.

Yoz mavsumi boshiga qadar talabalar bilan 81,6 mingdan ortiq turar joy ijarasi shartnomalari tuzilgan bo‘lib, rasmiy ijara kelishuvlari bilan qamrab olingan oliy taʼlim muassasalari talabalari soni 111 366 nafarga yetdi.