O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda kichik va mikroGES uchun yangi mexanizmlar joriy etiladi

Dilafro'z Niyazova · 26.08.2026 · 17:27 · 34 views
O‘zbekistonda kichik va mikroGES uchun yangi mexanizmlar joriy etiladi
O‘zbekistonda kichik va mikroGES uchun yangi mexanizmlar joriy etiladi / Foto: Farg'ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda kichik va mikroelektr stansiyalar tarmog‘ini rivojlantirish uchun yangi shart-sharoitlar yaratiladi. Jumladan, loyihalarni izlash va ularni amalga oshirish jarayonini monitoring qilish uchun raqamli platforma ishlab chiqiladi. Tegishli choralar O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 19 avgustdagi «Mamlakatda kichik va mikroelektr stansiyalar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 298-son qarorida belgilangan.

 

2027 yil 1 fevralga qadar kichik va mikroGESlarning salohiyatli loyihalarini aniqlash, shuningdek, ularni amalga oshirish va ekspluatatsiya qilishni muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish uchun raqamli platforma ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Hujjatda xususiy sektor ishtirokida kichik va mikroGES loyihalarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan. Ushbu tartib bunday loyihalar uchun yagona qoidalarni belgilashi kerak. Bundan tashqari, elektr stansiyalarini loyihalash, qurish, ishga tushirish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar tayyorlanadi. Bunda ekologik va ijtimoiy talablarga majburiy ravishda rioya etiladi.

Quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan kichik va mikroGES loyihalari tashabbuskorlarini aniqlash uchun E-auksion elektron savdo maydonchasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha elektron auksionlar mexanizmi joriy etiladi. Savdolar doirasida boshlang‘ich va eng past narx belgilanadi.

Quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikroGESlar uchun boshlang‘ich narx II guruh isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 150 foizini, eng past narx esa 50 foizini tashkil etadi.

Quvvati 500 kVtdan 2 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 120 va 40 foiz bo‘ladi. Quvvati 2 MVtdan 5 MVtgacha bo‘lgan stansiyalar uchun boshlang‘ich narx tegishli tarifning 100 foizi, eng past narx esa 30 foizi darajasida belgilanadi.

Quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan mikroGES loyihalari, jumladan, ularni loyihalash va qurish uchun alohida yengilliklar nazarda tutilgan. Bunday obyektlar xavf darajasi hisobga olingan holda qurilish obyektlari tasnifi bo‘yicha murakkablikning II toifasiga kiritiladi.

Quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan va inshootlar hajmi 300 kub metrdan oshmaydigan mikroGESlar shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi.

Loyiha tashabbuskorlariga qurilish ishlarini qurilish loyihasining elektr qismi asosida bosqichma-bosqich amalga oshirishga ham ruxsat beriladi.

Chora-tadbirlar kichik gidroenergetika uchun mutaxassislar tayyorlash tizimiga ham taalluqli. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarida kichik quvvatli “yashil” energetika yo‘nalishlari, jumladan, kichik gidroenergetika bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashning dual taʼlim tizimini joriy etish rejalashtirilgan.