Shoshilinch
Iqtisod

Samarqand viloyatida 374,9 mlrd so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirildi

Samarqand viloyatida 374,9 mlrd so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirildi
Samarqand viloyatida 374,9 mlrd so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirildi / Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan xususiylashtirish yakunlari va davlat mulkini sotib olishning yangi imkoniyatlariga bag‘ishlangan Roadshow tadbiri o‘tkazildi. Unda 280 nafardan ortiq tadbirkor, investor va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda agentlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Akram Egamov 2026 yilda hududda amalga oshirilgan xususiylashtirish ishlari natijalarini taqdim etdi.

Hisobot davrida ilgari fuqarolar va tadbirkorlarning doimiy foydalanishida, ijarasida hamda umrbod egaligida bo‘lgan, umumiy maydoni 22,4 gektarni tashkil etuvchi 193 ta yer uchastkasi xususiylashtirildi. Ushbu bitimlarning umumiy qiymati 4,3 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, umumiy qiymati 736 mlrd so‘m bo‘lgan 99 ta davlat aktivi savdoga chiqarildi. Ulardan 73 tasi 374,9 mlrd so‘mga sotildi. Ayni paytda auksionlarda umumiy qiymati 495,5 mlrd so‘m bo‘lgan yana 62 ta davlat aktivi taklif etilmoqda.

2026 yilda elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 391,2 gektar bo‘lgan 807 ta yer uchastkasi sotildi. Hozirda yana 635 gektar yer savdoga qo‘yilgan.

Roadshow ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidentining PF-177-son farmonida nazarda tutilgan xususiylashtirish mexanizmlari haqida ham maʼlumot berildi.

Davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda xaridorlar obyekt qiymatining 15 foizini dastlabki to‘lov sifatida to‘lashlari, qolgan summani esa belgilangan shartlar asosida foizsiz bo‘lib to‘lashlari mumkin.

Tadbir tashkilotchilari amaldagi xususiylashtirish tartib-taomillari, elektron auksionlarda ishtirok etish qoidalari va davlat mulki obyektlaridan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda foydalanish imkoniyatlarini taqdim etdi.

Roadshow tadbiri oltinchi yildirki, ketma-ket o‘tkazilmoqda. U tadbirkorlar va investorlarni mavjud davlat aktivlari hamda ularni sotib olish shartlari to‘g‘risida xabardor qilishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.