O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi

Dilafro'z Niyazova · 26.08.2026 · 21:25 · 33 views
Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi
Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ochiq muloqot va oʻzaro ishonchga asoslangan koʻp qirrali hamkorlik izchil va jadal rivojlanib borayotgani, ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.

Ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamlashda parlamentlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining parlamentlararo guruhi va AQSH Kongressi oʻrtasidagi hamkorlik, shuningdek, AQSH Kongressidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” faoliyati siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalarni tizimli rivojlantirish, parlament diplomatiyasi orqali dolzarb masalalarni muhokama etish va ularga yechim topishning samarali mexanizmlaridan biriga aylangani alohida eʼtirof etildi.

Muloqotda kelgusida parlamentlararo aloqalarni yanada izchil rivojlantirish, parlament qoʻmitalari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston hududlari hamda AQSH shtatlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlatirish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro manfaatli investitsiyaviy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, mehnat munosabatlari, gender tenglik va ushbu yoʻnalishlarda tajriba almashish hamda hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham takliflar bildirildi.