O‘zbekiston va AstraZeneca farmatsevtika sohasini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligida 26 avgust kuni xalqaro farmatsevtika kompaniyasi AstraZeneca vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirish, zamonaviy dori vositalarini joriy etish hamda hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida zamonaviy dori preparatlarini tibbiy amaliyotda qo‘llash va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ishtirokchilar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb masalalarga, jumladan, onkologik kasalliklarning oldini olish va davolashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikni izchil davom ettirish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.