Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida agrosert.uz axborot tizimi orqali buyurtmachilarga urug‘lar uchun 11 million 31 ming 381 ta QR-yorliq taqdim etildi.
Shu davrda mutaxassislar urug‘lik ekin maydonlarini raqamli aprobatsiyadan o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini laboratoriyada sinash, don, paxta tolasi va boshqa materiallarni sertifikatlash ishlarini ham amalga oshirdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi faoliyati yakunlari haqida brifingda markaz matbuot kotibi Sarvinoz Ismoilova maʼlumot berdi.
Markaz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlari, paxta tolasi, texnik chigit, don va don mahsulotlari sifatini baholash, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish hamda sertifikatlash bilan shug‘ullanadi.
Urug‘lar sifatini baholashning yangi tizimi O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 7 iyuldagi PF-109-son farmoni asosida 2026 yildan joriy etildi. Import qilinadigan urug‘lar uchun yorliqlar mamlakatga olib kirilishidan oldin elektron shaklda, ekishga tayyorlangan urug‘lar uchun esa bosma shaklda taqdim etildi. Ularni berish muddati bir-ikki kunni tashkil etdi.
O‘zagroinspeksiya tashabbusi bilan urug‘lik maydonlarni aprobatsiyadan o‘tkazish va nav sifatini baholash ishlari ilk bor maxsus planshetlar yordamida raqamli shaklda amalga oshirildi. Tekshiruv natijalari, dalolatnomalar va guvohnomalar bevosita dala sharoitida elektron shaklda rasmiylashtirildi.
Donli ekinlarni aprobatsiyadan o‘tkazish 76,4 ming gektar urug‘lik maydonni qamrab oldi. Shundan 64,9 ming gektari yoki 85 foizi urug‘lik olish uchun yaroqli deb topildi, 11,5 ming gektari esa belgilangan talablarga javob bermadi.
G‘o‘za maydonlarida 52 ming gektar tekshirildi. Ularning 40,6 ming gektari yoki 78 foizi yaroqli deb topildi, 11,6 ming gektari yoki 22 foizi esa baholashdan o‘ta olmadi.
Laboratoriya sinovlari 42 ming 235 tonna g‘o‘za urug‘ini ham qamrab oldi. Shundan 40 ming 620 tonna uruq bo‘yicha ijobiy xulosa berildi, 1 ming 615 tonnasi esa ekish uchun yaroqsiz deb topildi.
Urug‘lik kartoshka segmentida 17 ming 586 tonna kartoshka va 2 million 295 ming 163 ta mini-tuganak tekshirildi. Sinovlar natijasida 17 ming 321 tonna kartoshka va 2 million 87 ming 163 ta mini-tuganak ekish uchun yaroqli deb topildi. 265,1 tonna kartoshka va 208 mingta mini-tuganak esa belgilangan talablarga javob bermadi. Tekshiruvlar virusli kasalliklar tarqalishining oldini olish imkonini berdi.
Bundan tashqari, sabzavot, poliz, ozuqa va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining import qilingan 8 ming 986,5 tonna urug‘i sinovdan o‘tkazildi. Shundan 8 ming 697,4 tonnasi bo‘yicha ekishga yaroqlilik xulosasi berildi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan urug‘lar orasida 231 ming 809 tonna bug‘doy tekshirildi. Uning 230 ming 223 tonnasi ekish uchun yaroqli deb topildi, 1 ming 586 tonnasi esa talablarga javob bermadi. Markaz mahalliy va import qilingan mevali hamda manzarali daraxtlarning 3 million 245 ming 710 ta ko‘chati sifatini ham baholadi. Tekshiruvlar natijasida 231 ta muvofiqlik sertifikati va ekishga yaroqlilik to‘g‘risida xulosa berildi.
Paxta mahsulotlari sifatini baholash yo‘nalishida to‘qqiz oy davomida 134 ming 915 tonna paxta tolasi yoki 605 ming 550 toy sertifikatlandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44,3 foizga ko‘p.
Mutaxassislar sifat va moydorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun 259 ming 438 tonna texnik chigitni tekshirdi. YAMR-analizator yordamida moydorlikni aniqlash bo‘yicha o‘rganilgan mahsulot hajmi 55 ming 400 tonnaga yetdi. Bu 2025 yil yanvar–sentyabr oylariga nisbatan 66,9 foizga ko‘pdir. Bundan tashqari, 7 ming 209 tonna paxta linti sertifikatlandi.
Don va don mahsulotlari sifatini baholash sohasida 781 ta ariza asosida 58 ta shartnoma rasmiylashtirildi. Sinovlar natijasida 1 ming 218 ta sifat sertifikati va 315 ta muvofiqlik sertifikati berildi.
Import qilingan va sertifikatlangan don hamda don mahsulotlari hajmi 539 ming 761 tonnani tashkil etdi. Uning tarkibiga 513 ming 953 tonna bug‘doy va 25 ming 808 tonna un mahsulotlari kirdi. Eksport yo‘nalishida esa 5 ming 232 tonna mahsulot sertifikatlandi. Shundan 2 ming 453 tonnasi bug‘doy, 2 ming 779 tonnasi un mahsulotlaridan iborat bo‘ldi.
2026 yilgi don qabul qilish mavsumi doirasida markaz may–sentyabr oylarida qabul qilinishi rejalashtirilgan 2 million 415 ming 600 tonna bug‘doyni sertifikatlash bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Rejalashtirilgan hajmning barchasi sertifikatdan o‘tkazildi.
Hisobot davrida markaz jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 45 ta murojaatni ko‘rib chiqdi va ularning barchasi ijobiy hal etildi.
Shuningdek, yuridik shaxslardan kelib tushgan 393 ta xat ro‘yxatga olinib, ular bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
Mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida 244 nafar xodim o‘qitildi. 200 nafardan ortiq xodim urug‘lik maydonlarni aprobatsiyadan o‘tkazishda raqamli tizimlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Taʼlim dasturlari korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens-nazorat va standartlashtirish masalalarini ham qamrab oldi.
Raqamlashtirish doirasida agrosert.uz tizimi takomillashtirildi. Don korxonalari donni qabul qilishga tayyorligi to‘g‘risidagi xulosalarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tizimi bilan integratsiya qilindi. Raqamli aprobatsiya ishlari uchun 200 ta planshet xarid qilindi.
Markazning xalqaro hamkorligi urug‘chilikni takomillashtirish va laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ISCAD bilan birgalikda olib borilayotgan ishlarni o‘z ichiga oladi. Tejalgan mablag‘lar hisobidan oltita yo‘nalish bo‘yicha 27 dan ortiq taklif ishlab chiqildi va ular maʼqullandi.
Shuningdek, genetik modifikatsiyalangan organizmlar laboratoriyasini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga tayyorlash hamda laboratoriyalar faoliyatini ISTA talablariga muvofiq takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Markazning 12 nafar mutaxassisi Anqaradagi o‘quv dasturi doirasida malaka oshirdi.
Markaz AQSH, Braziliya, Niderlandiya va Germaniya hamkorlari, shuningdek, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda urug‘chilikni rivojlantirish, laboratoriyalar salohiyatini mustahkamlash va ilg‘or tajribani joriy etish ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, urug‘lik kartoshka sifatini baholash laboratoriyasini qurish va quyosh panellarini o‘rnatish loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
Yaqinda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlardan biri Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Urug‘chilik assotsiatsiyasining (ECOSA) urug‘chilik va urug‘ savdosi bo‘yicha IX xalqaro kongressi bo‘ladi. U 2026 yil 27–28 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kongressda markazning urug‘lar sifatini baholash, laboratoriya sinovlari, sertifikatlash va raqamlashtirish sohalaridagi tajribasi taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar, shuningdek, qo‘shma katalog yaratish, urug‘lik mahsulotlar savdosini rivojlantirish va O‘zbekiston urug‘larining eksport salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.