7
Iqtisod

Andijonda 200 mln dollarlik lift ishlab chiqarish klasteri tashkil etiladi

Andijonda 200 mln dollarlik lift ishlab chiqarish klasteri tashkil etiladi
Andijonda 200 mln dollarlik lift ishlab chiqarish klasteri tashkil etiladi / Foto: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyatida qiymati 200 mln dollar bo‘lgan «Andijon-Koreya lift klasteri»ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Loyiha doirasida zamonaviy liftlar, eskalatorlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Bunda mahalliylashtirish darajasi kamida 70 foizni tashkil etishi belgilangan.

Tashabbusni amalga oshirish istiqbollarini viloyat delegatsiyasi Janubiy Koreyaning U&K Global Co., Ltd. va MODEUN ELEVATOR CO., LTD. kompaniyalari vakillari bilan muhokama qildi.

Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri ishlab chiqarish jarayonlarini mahalliylashtirishdan iborat bo‘ladi. Rejaga ko‘ra, zarur butlovchi qismlarning katta qismini mahalliy korxonalar ishlab chiqarishi mumkin. Bu sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini oshirish imkonini beradi.

Uchrashuvda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, bo‘lajak klasterning ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda mahalliy ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Loyihani amalga oshirish Andijon viloyatining sanoat salohiyatini mustahkamlash, mashinasozlik tarmog‘ini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan. Muzokara ishtirokchilari hamkorlikning amaliy bosqichiga o‘tish uchun keyingi qadamlarni muhokama qildilar.

Taqdim etilgan maʼlumotlarda qurilishni boshlash, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muddatlari va loyihani amalga oshirishning boshqa parametrlari aniqlashtirilmagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.