7
Iqtisod

Toshkentdagi bo‘sh ish o‘rinlari 2GIS xaritalarida joylashtiriladi

Toshkentdagi bo‘sh ish o‘rinlari 2GIS xaritalarida joylashtiriladi
Toshkentdagi bo‘sh ish o‘rinlari 2GIS xaritalarida joylashtiriladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent aholisi 2GIS elektron xaritasi yordamida uyiga yaqin joylardan ish qidirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Poytaxt hokimligi va “2GIS” kompaniyasi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Hujjatga ko‘ra, shaharning barcha 585 ta mahallasidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Loyiha yashash joyiga yaqin hududlarda zarur xizmatlar va imkoniyatlardan foydalanishni nazarda tutuvchi «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

2gis.uz xaritasida foydalanuvchilar dolzarb vakansiyalarni topishlari, taklif etilayotgan ish haqi va malaka talablari bilan tanishishlari, shuningdek, o‘z imkoniyatlari va xohishlarini hisobga olgan holda mos ish o‘rinlarini tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu tashabbus ish qidirish jarayonini soddalashtirish, yo‘lga sarflanadigan vaqt va transport xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan. Bu orqali aholi uyiga yaqin joylardagi bo‘sh ish o‘rinlarini izlashi va har kuni ish joyiga borib-kelish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirishi mumkin.

Pilot loyiha Toshkentning Chilonzor tumanidagi barcha mahallalarda allaqachon boshlangan. 2gis.uz saytida dastlabki amaldagi vakansiyalar eʼlon qilingan.

Poytaxt hokimligi shunga o‘xshash loyihalarni boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirishga ochiq ekanini maʼlum qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.