Shoshilinch
7
Iqtisod

O‘zbekiston va Shinjon chorvachilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Shinjon chorvachilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston va Shinjon chorvachilik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Xitoy Xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashining (CCPIT) Shinjon bo‘linmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Shinjonga biznes-missiyasini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, chorvachilik va go‘shtni qayta ishlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibragimov, rais maslahatchisi Jamil Maqsudiy hamda CCPIT Shinjon bo‘linmasi raisining o‘rinbosari Lyu Tyan ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Lyu Tyan o‘zbekistonlik hamkorlarga ko‘p yillik hamkorlik va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi. Uning taʼkidlashicha, Savdo-sanoat palatasi ko‘magida CCPIT Shinjon bo‘linmasi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda 15 ta savdo-iqtisodiy tadbir o‘tkazgan.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillarining Shinjonga rejalashtirilgan safariga qaratildi.

Biznes-missiyada 15 ta soha vakili bo‘lgan qariyb 150 nafar tadbirkor ishtirok etishi kutilmoqda. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga chorvachilik, qoramolchilik, parrandachilik va go‘shtni qayta ishlash kiradi.

Tomonlar o‘zbekistonlik tadbirkorlarni Xitoyda qoramolchilik sohasida qo‘llanilayotgan texnologiyalar bilan tanishtirish muhimligini taʼkidladi.

Taklif etilgan choralar qatorida ishlab chiqarish jarayonlari va amaliy hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida chorvachilik fermalari hamda go‘shtni qayta ishlash korxonalariga tashriflar sonini ko‘paytirish masalasi ham bor.

Uchrashuv yakunida CCPIT delegatsiyasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbariyatini 30 oktyabr kuni Shinjonda bo‘lib o‘tadigan qo‘shni davlatlar savdo-sanoat palatalari forumida ishtirok etishga taklif qildi.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.