Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hokim Hayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Saudiya Arabistonining National Agricultural Development Company (NADEC) kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga ishchi tashrifi doirasida Er-Riyod shahrida kompaniyaning bosh ijrochi direktori, doktor Sulaymon bin Abdulaziz Al-Tuvayjriy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy chorvachilik loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, NADEC kompaniyasi tayyor mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
1981 yilda tashkil etilgan NADEC Saudiya Arabistonining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Kompaniya sut chorvachiligi, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini boqish va ko‘paytirish, meva-sabzavot yetishtirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, ularni qayta ishlash, qadoqlash va isteʼmolchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi ishlab chiqarish tizimiga ega.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, NADEC kompaniyasining yillik tushumi 3,5 milliard Saudiya riyolidan oshgan.
Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurishga taklif etildi. Shuningdek, tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.