Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Saudiya Arabistonining Astra Industries sanoat guruhi bilan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi doirasida Ar-Riyod shahrida kompaniyaning moliya va investitsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Samer Xendavi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Farg‘ona viloyati vakillari hududning sanoat va investitsiya salohiyati, infratuzilmasi hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdilar.
Astra Industries — Saudiya Arabistonidagi yirik sanoat guruhlaridan biri. Kompaniya farmatsevtika, kimyo sanoati, polimer mahsulotlari va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish, shuningdek, sanoat qurilishi sohalarida faoliyat yuritadi. Uning tarkibiga ishlab chiqarishning turli yo‘nalishlariga ixtisoslashgan korxonalar kiradi.
Tomonlar Astra Industries kompaniyasining texnologik yechimlari va tajribasidan foydalangan holda Farg‘ona viloyatida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida farmatsevtika, kimyo sanoati, polimerlar va qurilish materiallari ishlab chiqarish masalalari belgilandi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini tayyorlash va ularni amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni belgilab oldilar.