Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalaniladigan zamonaviy issiqxona majmuasini tashkil etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Bu boradagi kelishuv viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Janubiy Koreyaning GH EnA kompaniyasi bosh menejer Jin Myongchoy boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvidaga erishildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Tomonlar viloyat delegatsiyasining Janubiy Koreyaga ishchi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning bajarilishi va loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar.
GH EnA vakillari havo issiqligi, geotermal energiya va suv issiqligidan foydalanish imkonini beruvchi texnologiyalar haqida maʼlumot berdilar. Ularning taʼkidlashicha, bunday yechimlarni qo‘llash qish mavsumida tabiiy gaz va ko‘mir isteʼmolini kamaytirish, energiya taʼminoti barqarorligini oshirish hamda hosildorlikni ko‘paytirish imkonini beradi.
Xayrullo Bozorov qishloq xo‘jaligida ilg‘or va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish dolzarbligini taʼkidlab, ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani Dang‘ara tumanida amalga oshirish shart-sharoitlarini bevosita o‘rganish, aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Xabarda bo‘lajak majmuaning parametrlari va uni qurish muddatlari aniqlashtirilmagan.