7
Iqtisod

Farg‘ona viloyati va Prosica GmbH taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Farg‘ona viloyati va Prosica GmbH taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Farg‘ona viloyati va Prosica GmbH taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati va Germaniyaning Prosica GmbH kompaniyasi taʼlim, kasbiy tayyorgarlik hamda yoshlar uchun xalqaro almashinuv dasturlarini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Istiqbolli loyihalar viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va kompaniyaning katta maslahatchisi Trang Do boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida muhokama qilindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Tomonlar boshlangan hamkorlikni davom ettirish va aniq mexanizmlar asosida yangi tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Kompaniyaning taʼlim va texnologiyalar sohasidagi tajribasidan foydalangan holda yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xalqaro tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Takliflar orasida maktab o‘quvchilari uchun almashinuv dasturlarini tashkil etish, iqtidorli yoshlar uchun stipendiya va mukofotlar taʼsis etish, shuningdek, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalar farzandlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish kabi tashabbuslar bor.

Xayrullo Bozorov sifatli taʼlim olish, xorijiy tillarni o‘rganish, zamonaviy kasblarni egallash va xalqaro tajriba orttirish muhimligini taʼkidladi. U takliflarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, keyingi ishlarni aniq vazifalar va bosqichlar belgilangan «yo‘l xaritasi» asosida tashkil etish zarurligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, istiqbolli loyihalarni tayyorlash bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni kelishib oldi.

Prosica GmbH taʼlim va texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya kasbiy tayyorgarlik, amaliy ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalar transferi va xalqaro miqyosda inson resurslarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya faoliyatining boshqa yo‘nalishlari qatorida axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalar ham mavjud.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.