Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yangi yer maydonlarida zaʼfaronni sinov tariqasida ekish ishlari boshlandi.
Ishlar «BMB ZA‘FARON» plantatsiyalarini 820 gektardan 900 gektargacha kengaytirishga qaratilgan. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
4 oktyabr kuni plantatsiyalarda press-tur tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari zaʼfaron ekish jarayoni, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda loyihani yana-da rivojlantirish istiqbollari bilan tanishdi.
Tadbir doirasida yangi maydonlarga zaʼfaron piyozchalari ekildi. OAV vakillariga, shuningdek, o‘simliklarni ekish va parvarishlash texnologiyalari, hosildorlik, mahsulotni qayta ishlash hamda eksport yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.
Press-turda BMB Holding muassislar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov va Italiyaning HT Holding kompaniyasi prezidenti, xorijiy hamkor va investor Roberto Tuchchi ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xorijiy tajribani joriy etish va o‘zbek zaʼfaronini xalqaro bozorlarda ilgari surish masalalarini muhokama qildi.
Kompaniya maʼlum qilishicha, so‘nggi ikki yil davomida plantatsiyalarni kengaytirish uchun xorijdan import qilingan emas, balki bevosita mahalliy plantatsiyalarda yetishtirilgan zaʼfaron piyozchalaridan foydalanilmoqda.
«BMB ZA‘FARON» brendi ostida yetishtirilayotgan zaʼfaron va uning asosida tayyorlanadigan 20 dan ortiq turdagi mahsulot hozirgi vaqtda Italiya, Avstriya, Niderlandiya, Fransiya, AQSH, Tojikiston, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Loyihani amalga oshirish mintaqa aholisi uchun ish o‘rinlarini ham yaratmoqda.
Tashkilotchilar maʼlumotlariga ko‘ra, mavsumiy ishlar bilan qariyb 30 ming nafar mahalliy aholi taʼminlangan, yana 500 nafardan ortiq kishi doimiy ish bilan taʼminlangan.