Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2,1 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,9 foizga oshdi.
To‘qimachilik mahsulotlari mamlakat umumiy eksportining 9,4 foizini tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Eksportning asosiy qismini tayyor to‘qimachilik mahsulotlari tashkil etdi. Ularning ulushi to‘qimachilik mahsulotlari umumiy eksportining 51 foiziga teng bo‘ldi.
Eksportning yana 32 foizi ip-kalava hissasiga to‘g‘ri keldi.
Trikotaj polotnosining eksport tarkibidagi ulushi 8 foizni, matolar ulushi esa 6 foizni tashkil etdi. Paypoq mahsulotlari 2 foiz, gilamlar esa 1 foiz ulushga ega bo‘ldi.