Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Londonda xalqaro investitsiya kompaniyalari va yevroobligatsiyalar egalari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazib, moliyaviy faoliyati natijalari, korporativ o‘zgarishlar jarayoni hamda neft-gaz loyihalarini rivojlantirish istiqbollarini taqdim etdi.
Muzokaralar J.P. Morgan va Deutsche Bank ko‘magida tashkil etildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirlarda Ashmore Group, UBS Asset Management, Vanguard, Fidelity International, PIMCO, T. Rowe Price va boshqa yirik moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida delegatsiya kompaniyaning moliyaviy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, so‘nggi korporativ yutuqlari, transformatsiya jarayonlari hamda neft-gaz sanoatidagi tendensiyalar haqida maʼlumot berdi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari va istiqbolli loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
“O‘zbekneftgaz” investorlarga ishlab chiqarish tashabbuslarining amalga oshirilishi haqida ham maʼlumot taqdim etdi. Jumladan, GTL zavodi to‘liq quvvatda ishlayotgani, shuningdek, Ustyurtdagi loyihaga BP kompaniyasi qo‘shilgani qayd etildi.
Asosiy mavzulardan biri hukumat tomonidan vazifa qilib belgilangan gaz qazib olish hajmini barqarorlashtirish bo‘ldi. Kompaniya vakillari O‘zbekiston Prezidentining 2026 yilda qabul qilingan qarorlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Ushbu choralar geologik qidiruv ishlarini kengaytirish, texnologik hamkorlarni jalb qilish va kompaniyani bevosita moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” daromadi 10 foizga oshib, 3 milliard dollarga yetdi. EBITDA ko‘rsatkichi 1,5 milliard dollarga ko‘tarildi, sof qarzning EBITDAga nisbati esa 3,1 dan 2,2 gacha pasaydi.
Investorlar kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlaridagi ijobiy dinamikani yuqori baholadi. Taqdim etilgan natijalar kompaniya moliyaviy barqarorligining mustahkamlanayotgani va qarz yuki izchil kamayib borayotganining dalili sifatida eʼtirof etildi.
“O‘zbekneftgaz”ning boshqa yutuqlari qatorida beshta yangi konning ochilishi ham qayd etildi. Ushbu konlardagi zaxiralar o‘sishi yillik qazib olish hajmidan ortiq ekani taʼkidlandi. Shuningdek, kompaniyaning o‘z burg‘ilash korxonasini tashkil etishi va burg‘ilash ishlari ko‘lamini kengaytirishi ham muhim natijalar sifatida keltirildi. Mazkur yo‘nalishlar kompaniyaning ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Londondagi uchrashuvlar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun ham maydon bo‘ldi. Kompaniya investorlar bilan ochiq muloqot olib borish, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini taqdim etish va rivojlanish rejalariga nisbatan ishonchni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
“O‘zbekneftgaz” 2021 yil noyabr oyida London fond birjasida 700 million dollarlik yevroobligatsiyalarni joylashtirgan. 2025 yilda kompaniya yana 850 million dollarlik yevroobligatsiyalar chiqargan.