Toshkentda 20 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositasi musodara qilindi
Toshkentda 20 kilogrammdan ziyod giyohvandlik vositasi musodara qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari 20 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasini musodara qildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan 58 yoshli shaxsning vaqtincha yashash joyi ko‘zdan kechirilganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari 13 kilogramm 50 gramm opiy va 7 kilogramm 137 gramm gashishni aniqladi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi (“Kontrabanda”) hamda 273-moddasi («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va ular bilan bog‘liq boshqa harakatlar, shuningdek ularni o‘tkazish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirgi vaqtda gumonlanuvchining ehtimoliy sheriklarini, shuningdek musodara qilingan giyohvandlik vositalarining kelib chiqish manbalarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.