Senatorlar farmatsevtika faoliyatiga oid qonunni takomillashtirish maqsadga muvofiq deb hisobladi
Senatorlar farmatsevtika faoliyatiga oid qonunni takomillashtirish maqsadga muvofiq deb hisobladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 17-yalpi majlisida “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qonunda mahalliy farmatsevtika korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, sohaga texnologiyalar transferini joriy etish, sogʻliqni saqlash amaliyotida hujayra texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan biotexnologiya vositalarini qoʻllashga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, tibbiy buyumni va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida “tibbiy texnika” va “tibbiy buyum” kategoriyalari oʻrniga umumlashtirilgan holda “tibbiy jihoz” tushunchasi kiritilmoqda.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu Qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar mavjudligi taʼkidlandi.
Shularni inobatga olib, Senatning Qonunni qayta koʻrib chiqish lozimligi toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.