O‘zbekistonda boshpanasiz shaxslarga vaqtincha turar joy beriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqarolarga vaqtincha turar joy berish tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 18 avgustdagi 447-son qarori bilan bunday shaxslarni Vaqtincha joylashtirish va ijtimoiy reabilitatsiya markazlariga joylashtirishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari hamda mahallalarda kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqarolarni muntazam ravishda aniqlab boradi. Qidiruv ko‘chalar, vokzallar, bozorlar, yer osti o‘tish joylari, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va boshqa jamoat joylarida amalga oshiriladi.
Aniqlangan fuqarolarga Vaqtincha joylashtirish va ijtimoiy reabilitatsiya markazlari xizmatlaridan foydalanish taklif etiladi. Voyaga yetgan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar ham Markazga mustaqil ravishda murojaat qilishi mumkin.
Agar fuqaroning voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa, ular ota-onasi bilan birga joylashtiriladi.
Markazga qabul qilishdan oldin fuqaro tuman yoki shahar darajasidagi tibbiyot muassasasining shoshilinch qabul bo‘limida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Tekshiruv natijasida shoshilinch yoki zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiladigan va Markazda bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan holatlar, shuningdek, yuqumli kasalliklar aniqlanmagan taqdirdagina joylashtirishga ruxsat beriladi.
Joylashtirish uchun fuqaro anketa to‘ldirishga zarur bo‘lgan maʼlumotlarni taqdim etishi kerak. Ushbu maʼlumotlarni berish Markazga joylashish va belgilangan ichki tartib-qoidalarga rioya qilishga rozilikni anglatadi.
Anketa rasmiylashtirilganidan so‘ng fuqaro Markazga yetti kun muddatga joylashtiriladi. Maʼmuriy reglamentda nazarda tutilgan ayrim holatlarda Markazda qolish muddati olti oygacha uzaytirilishi mumkin.