Oʻzbekiston va Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi oʻrtasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 20-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov bilan Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizga yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Rashad Eynaddin oʻgʻli Mammadov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, oʻzaro ishonch va strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Muloqot davomida ikki davlat ichki ishlar organlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotraffik hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida oʻzaro tajriba almashish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tomonlar ikki mamlakat huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda oʻzaro manfaatli aloqalarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etib, istiqbolli vazifalarni belgilab oldilar.