O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda baliq ovlash to‘rlari uchun milliy standart tasdiqlandi

Dilafro'z Niyazova · 20.08.2026 · 15:50 · 35 views
O‘zbekistonda baliq ovlash to‘rlari uchun milliy standart tasdiqlandi
O‘zbekistonda baliq ovlash to‘rlari uchun milliy standart tasdiqlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda «Baliq ovlash to‘rlari. Texnik shartlar» milliy standarti tasdiqlandi.

Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi huzuridagi Ekologik hududlarni rivojlantirish va ovchilik xo‘jaligi departamenti tomonidan O‘zMSt 945:2026 «Baliq ovlash to‘rlari. Texnik shartlar» yangi milliy standarti ishlab chiqildi.

Hujjat ovlash qurollaridan foydalanishda belgilangan talablarga rioya etilishini taʼminlash, suv bioresurslarini muhofaza qilish, shuningdek, baliq ovlash to‘rlarining texnik va ekologik meʼyorlarga muvofiqligini tasdiqlashga qaratilgan.

Standart O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevraldagi 80-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu qaror sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarga nisbatan milliy standart ishlab chiqish va tasdiqlashni nazarda tutgan.

Hujjat O‘zbekiston standartlar institutining 2026 yil 21 iyuldagi 24/MSt-26-son buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 martdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq tasdiqlandi hamda O‘zbekiston Respublikasining Milliy standartlar fondiga kiritildi.

Standart sanoat usulida baliq ovlashda qo‘llaniladigan to‘rlarning o‘lchami va mustahkamligiga, ularni ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallarga nisbatan talablarni belgilaydi. Shuningdek, to‘rlarning suv ekotizimlariga salbiy taʼsirini oldini olishga qaratilgan meʼyorlar ham belgilangan.

Standartning joriy etilishi baliq ovlash to‘rlarining belgilangan meʼyorlarga muvofiqligini taʼminlash, ulardan foydalanishda ekologik xavfsizlikni oshirish va suv bioresurslarini muhofaza qilishni kuchaytirish imkonini beradi.

Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi o‘zining tarkibiy bo‘linmalari va hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda standart talablarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, baliqchilik sohasi vakillari o‘rtasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot-tushuntirish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.