O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda biznes uchun imtiyozlar reyestri tuziladi

Dilafro'z Niyazova · 20.08.2026 · 10:48 · 45 views
O‘zbekistonda biznes uchun imtiyozlar reyestri tuziladi
O‘zbekistonda biznes uchun imtiyozlar reyestri tuziladi / Foto: O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga biznes uchun barcha imtiyoz va preferensiyalarning maxsus reyestrini tashkil etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlarni tasdiqladi. Qonun, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishning yangi qoidalarini belgilaydi va moliyaviy jarimalarni chegirma bilan to‘lash imkoniyatini nazarda tutadi.

Reyestrda tadbirkorlarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, ularning amal qilish muddatlari hamda olish tartibi haqida maʼlumotlar jamlanadi. Vazirlar Mahkamasi reyestrni shakllantirish va yangilash tartibini belgilashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa uni maxsus platformada yuritish uchun masʼul bo‘lishi kerak.

Yangi qoidalarga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlash choralari iqtisodiyot tarmoqlari, faoliyat sohalari va hududlar kesimida teng shartlarda hamda shaffof mexanizmlar asosida taqdim etiladi. Shu bilan birga, imtiyozlar berishdan asossiz ravishda bosh tortish yoki ulardan foydalanishga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.

Qonun biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning bir nechta turini belgilaydi. Ular qatoriga soliq va bojxona imtiyozlari, imtiyozli kreditlash, grant asosida moliyalashtirish, moliyaviy subsidiyalar, infratuzilmaviy ko‘mak, kadrlar tayyorlashda yordam va nomoddiy preferensiyalar kiradi.

Shu bilan birga, tovar savdosi sohasida eksport yoki import o‘rnini bosish ko‘rsatkichlariga bog‘langan qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish taqiqlanadi.

Hujjatda ayrim qo‘llab-quvvatlash turlarini taqdim etish maqsadlari ham belgilangan. Subsidiyalar “yashil” texnologiyalarni joriy etish, turizm, taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish, korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, ijtimoiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun ishlatilishi mumkin.

Davlat grantlari iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarga, shuningdek, innovatsion g‘oya va loyihalarni hamda ijtimoiy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Grantlar berish tartibi va shartlarini Vazirlar Mahkamasi tasdiqlashi kerak.

Soliq imtiyozlari Soliq kodeksi asosida yoki ayrim hollarda Prezident qarorlari bilan taqdim etilishi mumkin. Bojxona imtiyozlari Bojxona kodeksiga muvofiq beriladi.

Imtiyozli kreditlashni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat banklarga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining bir qismini kompensatsiya qilishi, maqsadli kredit liniyalarini ochishi va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilishi mumkin. Shuningdek, garovsiz kreditlar bo‘yicha risklarni taqsimlashda davlatning ishtiroki ham nazarda tutilgan.

Ijtimoiy tadbirkorlik loyihalari uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishda yordam, shuningdek, maslahat va uslubiy ko‘mak shaklidagi choralar belgilangan.

Qonun eʼlon qilinganidan uch oy o‘tib, 2026 yil 18 noyabrdan kuchga kiradi.