O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Xorazmda mahallalarda ishsizlik va qashshoqlikni kamaytirish choralari o'rganildi

Dilafro'z Niyazova · 20.08.2026 · 11:35 · 40 views
Xorazmda mahallalarda ishsizlik va qashshoqlikni kamaytirish choralari o'rganildi
Xorazmda mahallalarda ishsizlik va qashshoqlikni kamaytirish choralari o'rganildi / Foto: Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, mahallalarning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish masalalari o‘rganildi.

Xususan, Xiva va Qo‘shko‘pir tumanlarida “og‘ir” toifaga kiritilgan “G‘ovuk” hamda “Shixmashxad” mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Xiva tumanining “G‘ovuk” mahallasida hunarmandchilik, jumladan, mebel, eshik va deraza romlari ishlab chiqarish aholi bandligini ta’minlash hamda daromad manbalarini kengaytirishning asosiy drayverlaridan biriga aylangan.

Mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, bu yerda Hunarmandchilik markazini tashkil etish, hunarmandlar uchun zarur sharoitlar yaratish hamda ishlab chiqarishni klaster usulida yo‘lga qo‘yishga qaratilgan loyiha taqdimoti bilan tanishildi.

“Shixmashxad” mahallasining asosiy drayverlari esa hunarmandchilik va bog‘dorchilik bo‘lib, bu yerda 100 dan ortiq hunarmand xonadonlari mavjud. Hududda naqsh o‘ymakorligi asosida yog‘och mahsulotlari ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan, tayyor mahsulotlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarga yetkazib berilmoqda.

“G‘ovuk” mahallasida yashovchi Kenjaboy Jonibekov xonadoniga tashrif buyurilib, u yerda yo‘lga qo‘yilgan eshik va deraza romlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. “Shixmashxad” mahallasida yashovchi, yil boshida mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqaro Shaxlo Otajanova esa 100 mln so‘mlik imtiyozli kredit evaziga o‘z uyida chuchvara pishirib sotishni yo‘lga qo‘ygan.

Senat Raisi xonadon egalari bilan suhbatlashib, yaratilgan imkoniyatlar va mavjud muammolar bilan qiziqdi. Oilaviy tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish muhimligi qayd etildi.

Mahallalarni yil yakuniga qadar ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, ehtiyojmand oilalar va ularning a’zolarini zarur ijtimoiy, tibbiy va ta’lim xizmatlari bilan qamrab olish, barqaror daromad manbalarini shakllantirish bo‘yicha rejalashtirilgan vazifalar o‘rganildi.

Shu bilan birga, oilalarni kambag‘allikdan to‘liq chiqarish va boshlagan faoliyatini mustaqil davom ettira olish darajasiga yetkazishga qadar ularni kuzatib borish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Mahalla faollari bilan uchrashuvda ushbu vazifalarning sifatli bajarilishini tashkil etishdagi muammolar tahlil qilindi va ularning yechimi yuzasidan takliflar shakllantirildi.