O‘zbekiston va Ozarbayjon savdoni $1 mlrdga oshiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 19 avgust kuni Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Rashad Mamedov bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy hamkorlikni oshirish, shuningdek, iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan yangi hujjatlarni tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
2025 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 307,3 mln dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 14,6 foizga oshgan. 2026 yilning yanvar–iyun oylarida esa bu ko‘rsatkich 170,3 mln dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,8 foiz ko‘p.
Uchrashuvda savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, 2030 yilga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish dasturini ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuvning yana bir mavzusi IV O‘zbekiston–Ozarbayjon hududlararo forumini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar bo‘ldi.
Tadbir 22 avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Forum ikki mamlakat hududlari va biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiya loyihalarini ilgari surish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldi.