O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Enterprise Uzbekistan" Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to'g'risidagi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to'g'risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Qonun Enterprise Uzbekistan uchun maxsus huquqiy muhitni shakllantiradi hamda mamlakatga global texnologiya kompaniyalarini, startaplarni, investorlarni, tadqiqot tashkilotlarini va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish uchun uzoq muddatli asos yaratadi.
Markazning maxsus huquqiy rejimi 2100 yilgacha belgilangan bo'lib, korporativ va tijorat munosabatlarini, investitsiya faoliyatini, mehnat munosabatlarini, ma'lumotlar va intellektual mulkni himoya qilishni, davlat xizmatlarini, sun'iy intellektni, ta'limni hamda innovatsiyalarni tartibga soluvchi sinovdan o'tkazishni, shuningdek soliq va bojxona tartibga solishni qamrab oladi.
“Qonunning imzolanishi Enterprise Uzbekistan uchun muhim bosqichdir. Endi bizda global texnologiya kompaniyalari va investorlarga tushunarli bo'lgan mustahkam huquqiy asos mavjud. Biz xalqaro biznes tomonidan katta qiziqish kuzatmoqdamiz, qabul qilingan Qonun esa O'zbekiston bozoriga kirish yo'lidagi asosiy to'siqlardan birini bartaraf etadi hamda jahon darajasidagi raqobatbardosh texnologiya ekotizimini shakllantirish uchun poydevor yaratadi”, — dedi Enterprise Uzbekistan global biznesni rivojlantirish bo'yicha vitse-prezidenti Boxodir Ayupov.
Uzoq muddatli va barqaror huquqiy muhit — o'nlab yillarga mo'ljallangan
Qonun Enterprise Uzbekistan uchun 2100 yilgacha mo'ljallangan maxsus huquqiy tartibga solish tizimini shakllantiradi. Markazning qarorlari Angliya va Uelsning umumiy huquqi elementlari hamda yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi mumkin. Maxsus huquqiy rejim doirasida berilgan imkoniyatlar, preferentsiyalar va imtiyozlar ularni oluvchilarning ahvolini yomonlashtiradigan tarzda o'zgartirilishi yoki amal qilish muddati tugashidan oldin tugatilishi mumkin emas. Ushbu choralar barqaror, bashoratlanadigan va uzoq muddatli huquqiy muhitni shakllantiradi.
Ro'yxatdan o'tkazish va biznes yuritish
Tasdiqlangan faoliyat turlari bo'yicha ish yurituvchi yuridik shaxslar Markazning rezidentlari bo'lishi mumkin. Qonun Markaz huquqi asosida kompaniyalar tashkil etishga, boshqa yurisdiktsiyalarda tashkil etilgan yuridik shaxslarning ishtirokiga, shuningdek xorijiy tashkilotlarning filiallari va vakolatxonalari faoliyat yuritishiga yo'l qo'yadi. Rezident maqomi yuridik shaxsni ro'yxatdan o'tkazish va Markaz ishtirokchilarining yagona reyestriga kiritilgandan so'ng vujudga keladi.
Markaz organlari jismoniy va yuridik shaxslarni ro'yxatdan o'tkazish va akkreditatsiyadan o'tkazish, maxsus huquqiy rejim sohalarida ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, shuningdek maslahat va axborot xizmatlarini ko'rsatish vakolatiga ega.
Investitsiyalar, venchur kapitali va startaplar
Qonun muqobil va venchur investitsiyalar ekotizimi uchun huquqiy asos yaratadi hamda investorlarning to'rt toifasini belgilaydi: institutsional investorlar, startap-investorlar, rezident-investorlar va infratuzilma investorlari.
Investorlar investitsiyalarning hajmi, shakli va yo'nalishini mustaqil ravishda belgilash hamda olingan daromadni erkin tasarruf etish huquqiga ega. Qonun qonunda aniq belgilangan hollar va majburiy sud qarorlaridan tashqari, pul mablag'lari, aktivlar, mol-mulk va mulkiy huquqlarni milliylashtirish, ekspropriatsiya qilish, musodara qilish, muzlatish va boshqa cheklovlardan himoya qilishni nazarda tutadi.
Tartibga solish qumdoni — yangi yechimlar uchun sinov maydonchasi
Markazning asosiy vositalaridan biri — «Tartibga solish qumdoni»: innovatsion texnologiyalarni, mahsulotlarni va xizmatlarni nazorat ostidagi sharoitlarda, cheklangan bozorda, 12 oygacha muddatga sinovdan o'tkazish imkoniyati. Qumdon ishtirokchilari ayrim qonunchilik talablaridan vaqtincha ozod etilishi, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan soddalashtirilgan tarzda foydalanishi, shuningdek Markazning infratuzilmasidan — jumladan tadqiqot laboratoriyalari va ekspertlar maslahatidan — foydalanishi mumkin. Agar sinov natijasida yechim samarali va xavfsiz ekanligi isbotlansa, u Markazda doimiy asosda joriy etilishi yoki O'zbekistonning boshqa hududlariga bosqichma-bosqich kengaytirilishi mumkin.
Xalqaro mutaxassislar va moslashuvchan mehnat munosabatlari
Markazning xorijiy xodimlariga uch yilgacha muddatga kirish vizalari beriladi — ularni konsullik muassasalari orqali, O'zbekistonning xalqaro aeroportlarida yoki mamlakat hududida bo'lgan holda rasmiylashtirish mumkin.
Mehnat rejimi shartnomaviy tartibga solish, kamsitishga yo'l qo'ymaslik, mehnat xavfsizligi va adolatli haq to'lash tamoyillariga asoslanadi. U xodimlarning himoya qilinishiga doir minimal kafolatlarga rioya etgan holda, masofadan turib ishlash, moslashuvchan ish jadvali, turli ish vaqti tartiblari va mehnatga haq to'lashning muqobil tizimlaridan foydalanish imkonini beradi.
Moliyaviy infratuzilma
Markaz ishtirokchilari akkreditatsiya qilingan hamkorlar orqali bank, investitsiya, venchur, sug'urta, to'lov va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanishi mumkin bo'ladi. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda, Markazda xorijiy banklarning filiallarini ochishga yo'l qo'yiladi.
Ma'lumotlar, bulutli texnologiyalar va intellektual mulk
Markazda xalqaro standartlarga yo'naltirilgan shaxsga doir ma'lumotlarni qayta ishlash va himoya qilishning maxsus qoidalari amal qiladi. Qonun ma'lumotlarning xavfsizligi, yaxlitligi va ishonchliligiga qo'yiladigan talablarga rioya etilgan holda, ularni bulutli texnologiyalardan foydalangan holda saqlash va qayta ishlashga yo'l qo'yadi.
Qonun shuningdek intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqlarni umume'tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq himoya qilishni nazarda tutadi hamda ularni ro'yxatdan o'tkazish va himoya qilishning qo'shimcha mexanizmlarini, shu jumladan arizalarni raqamli xizmatlar orqali topshirish imkoniyatini belgilaydi.
Sun'iy intellekt va ta'lim uchun erkinlik
Qonun inson huquqlarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini hisobga olgan holda, sun'iy intellekt texnologiyalarini tadqiq etish, ishlab chiqish, sinovdan o'tkazish va joriy etish erkinligini kafolatlaydi. U shuningdek xalqaro ilmiy va texnologik hamkorlik uchun asos yaratadi.
Ta'lim sohasida yetakchi xorijiy ta'lim tashkilotlarining dasturlari va standartlarini qo'llashga yo'l qo'yiladi. Markaz hududida Markaz ma'muriyatining maxsus litsenziyalari asosida akademiyalar, tadqiqot institutlari, universitetlar, xorijiy universitetlarning filiallari va o'quv markazlari tashkil etilishi mumkin.
Soliq va bojxona tartibi
Markaz doirasida alohida soliq modeli qo'llaniladi: faqat QQS, foyda solig'i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i saqlanib qoladi, maxsus rejimda amalga oshiriladigan faoliyat uchun boshqa soliq va yig'imlar qo'llanilmaydi.
Asosiy shartlar
Eksport doirasida va Markaz ichida faoliyatni amalga oshirishda:
— foyda solig'i 0%;
— QQS 0%;
— xorijiy xodimlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i 0%;
— investorlarni maxsus huquqiy rejim doirasidagi investitsiya faoliyatidan olingan dividendlar va boshqa daromadlarga solinadigan soliqdan ozod etish.
Biroq Enterprise Uzbekistan faqat soliq bo'yicha ustunliklardangina iborat emas. Kompaniyalar ro'yxatdan o'tkazish, korporativ boshqaruv, shartnomaviy munosabatlar, investitsiyalash, ishga qabul qilish, bank operatsiyalari va ma'lumotlarni himoya qilishning alohida qoidalari asosida faoliyat yuritadi. Tartibga solish ingliz umumiy huquqi elementlari va xalqaro amaliyotga asoslanadi, ish yuritishning rasmiy tili esa ingliz tili bo'ladi.
Shunday qilib, investor nafaqat nolinchi stavkalarni, balki O'zbekiston ichida xalqaro biznesga yo'naltirilgan tushunarli va himoyalangan huquqiy muhitni ham qo'lga kiritadi.
Nizolarni hal etish
Maxsus huquqiy rejim doirasida yuzaga keladigan fuqarolik, iqtisodiy, korporativ, mehnat va boshqa nizolar Toshkent xalqaro tijorat sudi yurisdiktsiyasiga kiritilgan.
Boshqaruv va navbatdagi bosqich
Enterprise Uzbekistan-ning oliy organi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligidagi Boshqaruv kengashidir. Ijroiya organ sifatida Markaz ma'muriyati faoliyat yuritadi — u qoidalarni ishlab chiqish, ishtirokchilarni qo'llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, loyihalarni monitoring qilish va «Tartibga solish qumdoni»ning faoliyat yuritishi uchun javobgardir.
Dastlabki davrda Markaz organlari ro'yxatdan o'tkazish, litsenziyalash, investitsiyalash, soliq va bojxona ma'muriyatchiligi, mehnat munosabatlari, ma'lumotlarni himoya qilish hamda maxsus huquqiy rejimning boshqa elementlariga doir amaliy tartiblarni belgilovchi qarorlar majmuasini qabul qilishni ta'minlaydi.
Navbatdagi bosqichda Enterprise Uzbekistan me'yoriy-huquqiy bazani shakllantirish, raqamli xizmatlarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish hamda global texnologiya kompaniyalarini, startaplarni, investorlarni va xalqaro hamkorlarni jalb etishga e'tibor qaratadi.
Enterprise Uzbekistan haqida
Enterprise Uzbekistan (Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi) — Toshkent shahridagi IT Park Uzbekistan hududida joylashgan, global Bigtech kompaniyalari uchun texnologiya yurisdiktsiyasidir. Markaz maxsus huquqiy rejim doirasida faoliyat yuritadi va O'zbekistondan biznesini rivojlantirayotgan hamda kengaytirayotgan texnologiya kompaniyalarini qo'llab-quvvatlash, shuningdek mamlakatning texnologiya ekotizimiga kirish imkonini berish uchun yaratilgan.