Texnologiyalar

IT Park Uzbekistan va Alibaba Group sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

IT Park Uzbekistan va Alibaba Group sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
IT Park Uzbekistan va Alibaba Group sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Alibaba Group sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar hamda texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.

IT Park Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinovaning Alibaba Group International Government Affairs yo‘nalishi rahbari Frank Ludwin Schaefer bilan uchrashuvi ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston mutaxassislari va kompaniyalarining Alibaba Group xalqaro texnologik ekspertizasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sunʼiy intellekt va bulutli yechimlar sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlaridan biri IT Park rezidentlari va O‘zbekiston mutaxassislari uchun Alibaba Cloud‘ning sunʼiy intellekt bo‘yicha taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘lishi mumkin. Bunday dasturlar doirasida texnik vorkshoplar o‘tkazish va professional sertifikatlashga tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, ayrim o‘zbekistonlik startaplarga sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va keyinchalik takomillashtirish uchun Alibaba Cloud resurslaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tomonlar Alibaba Cloud ekspertlari va IT Park Uzbekistan startap ekotizimi vakillarini jalb qilgan holda qo‘shma AI-xakatonlar va innovatsion chellenjlar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.

Bunday formatlar sunʼiy intellekt sohasida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, yangi texnologik yechimlarni sinab ko‘rish va startaplarni xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari bilan taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

IT Park Uzbekistan va Alibaba Group o‘rtasidagi hamkorlik 2020 yildan beri rivojlanib kelmoqda. Dastlabki bosqichda asosiy eʼtibor elektron tijorat va O‘zbekiston kompaniyalarining Xitoy bozoriga chiqish imkoniyatlariga qaratilgan.

2025 yil iyun oyida Alibaba Cloud va Alibaba.com vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilingan. 2026 yil iyul oyida hamkorlik kun tartibiga qo‘shimcha ravishda sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va raqamli infratuzilma masalalari kiritilgan.

Alibaba Group 1999 yilda tashkil etilgan bo‘lib, elektron tijorat, bulutli hisoblash, raqamli media, logistika va isteʼmolchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini birlashtiradi.

Guruhning raqamli platformalari 200 dan ortiq mamlakat va mintaqada faoliyat yuritadi.

Alibaba Cloud guruhning asosiy texnologik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.