Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda istiqbolli 20 ta texnologik startapni saralab olish uchun ochiq tanlov eʼlon qilindi. Tanlangan loyihalar biznesni rivojlantirish, investitsiya jalb qilishga tayyorgarlik ko‘rish va xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘llab-quvvatlanadi.
Dastur Jahon banki ishtirokida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan «Moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, rivojlanish va yangi ish o‘rinlarini yaratish — FINGROW» dasturini tayyorlash loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Saralab olingan loyihalarga biznesni pozitsiyalashni takomillashtirish, bozor strategiyasini ishlab chiqish, investitsiya jalb qilishga tayyorgarlik ko‘rish, masshtablash salohiyatini rivojlantirish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan mentorlik va amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Ishtirokchilar StartupBlink asoschisi va bosh direktori Eli David Rokax bilan bevosita ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. StartupBlink startap ekotizimlarini o‘rganuvchi global tadqiqot markazi sifatida faoliyat yuritadi hamda 150 dan ortiq hukumat va yetakchi tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Tashkilotchilar maʼlumotlariga ko‘ra, Eli Rokax o‘n yildan ortiq vaqt davomida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullangan va 120 dan ortiq mamlakatdagi startap ekotizimlari bilan ishlagan. StartupBlink tadqiqotlaridan hukumatlar, investorlar, yirik kompaniyalar va startap asoschilari foydalanadi.
Dasturda ishtirok etish startap asoschilariga global kompaniyalarni tashkil etish, korporativ va davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, biznesni xalqaro bozorlarda pozitsiyalash hamda o‘sishni boshqarish masalalari bo‘yicha amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.
Tanlovda O‘zbekistonda sanoat va ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirilgan texnologik startap loyihalari ishtirok etishi mumkin. Ariza beruvchilar mentorlik davrida faol ishtirok etishga tayyor bo‘lishi kerak.
Tashkilotchilar dasturda samarali ishtirok etish uchun ingliz tilini yetarli darajada bilish maqsadga muvofiq ekanini ham taʼkidlagan.
Saralab olingan startaplar uchun dasturda ishtirok etish bepul hisoblanadi.
Arizalar 2026 yil 14 oktyabrga qadar qabul qilinadi. Ular dastur yo‘nalishiga loyihaning muvofiqligi, investitsiya jalb qilishga tayyorligi, innovatsion salohiyati, masshtablash imkoniyatlari va bozor salohiyati, muammoning taklif etilayotgan yechimga muvofiqligi, shuningdek, ishtirokchining hududi kabi shaffof mezonlar asosida baholanadi.
Mazkur qo‘llab-quvvatlash dasturida ishtirok etish uchun arizani ushbu havola orqali topshirish mumkin.