Shoshilinch
Texnologiyalar

O‘zbekiston IAC-2026da kosmik soha ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi

O‘zbekiston IAC-2026da kosmik soha ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi
O‘zbekiston IAC-2026da kosmik soha ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 5–9 oktyabr kunlari Antaliyada o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressida (IAC-2026) mamlakat kosmik sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Kongress doirasida vazirlar ishtirokida kosmik sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Sherzod Shermatov ushbu sohada O‘zbekistonning ustuvor vazifalari, mavjud imkoniyatlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yondashuvlari haqida maʼlumot berdi.

Tadbir ishtirokchilari kosmik texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish, sohada zamonaviy yechimlarni joriy etish, davlat va xususiy sektorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida tajriba va bilim almashinuvini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Milliy kosmik salohiyatni xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

2028 yilda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini (IAC-2028) o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida tadbir O‘zbekistonning tashkiliy va texnologik imkoniyatlarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish maydoniga ham aylandi.

77-Xalqaro astronavtika kongressi 5–9 oktyabr kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tmoqda. Unda astronavtlar, xalqaro kompaniyalar vakillari hamda turli mamlakatlardan 10 mingdan ortiq ishtirokchi jamlangan.

Kongress dasturidan xalqaro ko‘rgazmalar, rasmiy uchrashuvlar, kompaniyalar taqdimotlari, akademik va texnik yig‘ilishlar, shuningdek, tajriba almashish va kosmik sohani rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin olgan.

Kongress arafasida Xalqaro astronavtika federatsiyasining vazirlar va parlament aʼzolarining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Sherzod Shermatov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda kosmik sohani rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va davlatlarning kosmik siyosati masalalari muhokama qilindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.