Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Maps va Yandex Navigator endilikda shaxsiylashtirilgan marshrutlarni taklif qiladi. Xizmat safarlar tarixini hisobga oladi va yo‘lning turli variantlarini tahlil qilib, haydovchiga bir nechta variantdan tanlash imkonini beradi: masalan, eng tez, oddiy yoki tanish marshrut. Bu rulga endi o‘tirgan haydovchilarga murakkabligi kamroq yo‘lni, tajribali haydovchilarga esa o‘ziga tanish yo‘nalish orqali manzilga qulay yetib borish imkonini beradi.
Yandex Maps va Yandex Navigator'dagi shaxsiylashtirilgan marshrutlarni sun’iy intellekt taklif qiladi. Mashinali o‘qitish modeli marshrutizator hisoblagan yo‘l variantlarini hamda haydovchining safar davomida xizmatdan qanday foydalanishi haqidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarni tahlil qiladi. Masalan, haydovchi marshrutdan qanchalik tez-tez chetga chiqishi, qaysi yo‘l variantlarini ko‘proq tanlashi va qancha masofaga safar qilishi kabi omillar hisobga olinadi.
Mavjud yo‘llar va safar sharoitidan kelib chiqib, Yandex Maps va Yandex Navigator o‘ndan ortiq turdagi marshrutlarni taklif qilishi mumkin. Masalan, asosiy marshrutda murakkab chorrahalar va qayrilishlar ko‘p bo‘lsa, xizmat yangi haydovchiga «Oddiy» marshrutni tavsiya qilishi mumkin. Uydan ishga muntazam qatnaydiganlar uchun «Tanish», shaharning bir chekkasidan boshqasiga borishda esa «Markaz orqali» yoki «Aylanib o‘tish» variantlari taklif etiladi.
Manzilga imkon qadar tezroq yetib borish muhim bo‘lsa, safar uchun eng kam vaqt talab qiladigan «Tezkor» marshrutni tanlash mumkin. «Qisqa» marshrut eng kam masofani nazarda tutadi, «Eng maqbul» esa yo‘l vaqti, masofa va tirbandliklar o‘rtasidagi nisbatni hisobga oladi. Yo‘lda harakat erkin bo‘lgan variant mavjud bo‘lsa, xizmat «Tirbandliklarsiz» marshrutni ham taklif qilishi mumkin.
Marshrut variantlarini avtomobil ekrani orqali ham tanlash mumkin. Bu imkoniyat Yandex Maps va Yandex Navigator'dan Apple CarPlay yoki Android Auto orqali foydalanganda ishlaydi.