Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Dildora Nasibullayeva Hong Kong Science and Technology Park (HKSTP)ning Yaqin Sharqdagi mintaqaviy hamkorlik va kanallarni rivojlantirish bo‘yicha katta menejeri Ankit Setxi bilan uchrashdi.
Tomonlar startaplar, sunʼiy intellekt hamda tadqiqot va ishlanmalar sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar texnologik kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, sunʼiy intellekt va R&D yo‘nalishlarida qo‘shma ishlash istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
HKSTPning to‘rtta startapi ICT WEEK Uzbekistan 2026 tadbirida ishtirok etayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Tashrif doirasida kompaniyalar vakillari Uzinfocom, Uztelecom va TUIT bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar ushbu kompaniyalarni keyinchalik ham qo‘llab-quvvatlash va ularning O‘zbekiston bozoriga chiqishiga ko‘maklashish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarning Gonkongga tashriflarini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Bunday safarlar kompaniyalarga HKSTPning texnologik infratuzilmasi bilan tanishish, mahalliy kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish va Gonkong startap ekotizimi ishtirokchilari bilan tajriba almashish imkonini berishi kutilmoqda.
IT Park Uzbekistan va HKSTP o‘rtasidagi hamkorlik izchil asosda rivojlanmoqda. 2026 yil iyul oyida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.
Avgust oyida HKSTP kompaniyalari va startaplari uchun O‘zbekiston bozoriga chiqish imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida vebinar tashkil etildi. Sentyabr oyida esa IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Gonkongga 2026 yilgi Belt and Road Summit tadbirida ishtirok etish uchun tashrifi doirasida hamkorlik davom ettirildi.
HKSTP Gonkongning tadqiqot va ishlanmalar hamda deep-tech yo‘nalishlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan asosiy innovatsion platformalaridan biri hisoblanadi.
Park ekotizimi 26 ta mamlakatdan 2 400 dan ortiq texnologik kompaniya va tadqiqot hamda ishlanmalar sohasidagi 17 000 dan ziyod mutaxassisni birlashtiradi.
HKSTPning ustuvor yo‘nalishlariga sunʼiy intellekt, robototexnika, biotexnologiya, fintex, aqlli shaharlar uchun yechimlar va ilg‘or ishlab chiqarish kiradi.