O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston 100 dan ortiq zamonaviy yoqilgʻi quyish shoxobchalarini qurishni rejalashtirmoqda

Dilafro'z Niyazova · 14.08.2026 · 11:50 · 32 views
Oʻzbekiston 100 dan ortiq zamonaviy yoqilgʻi quyish shoxobchalarini qurishni rejalashtirmoqda
Oʻzbekiston 100 dan ortiq zamonaviy yoqilgʻi quyish shoxobchalarini qurishni rejalashtirmoqda / Foto: Oʻzbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari hamda AQSHning “Gulf” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonda zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalarini tashkil etish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarni joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, “Gulf” kompaniyasi tomonidan respublikaning turli hududlarida zamonaviy standartlarga javob beradigan 100 dan ortiq avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini (AYOQSH) tashkil etish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Uchrashuvda xorijiy kompaniya vakillari O‘zbekistonda yoqilg‘i bozori va tegishli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani xorijiy investorlarning ushbu yo‘nalishga qiziqishini oshirayotganini qayd etdi.

Shuningdek, bozorning o‘sishi va iste’molchilar talabining ortib borayotganini inobatga olgan holda, AYOQSHlarni loyihalash va tashkil etishda zamonaviy xalqaro standart va me’yorlarni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Taklif etilayotgan namunaviy loyihalarda yoqilg‘i shoxobchalarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, xavfsizlik talablarini kuchaytirish, ekologik xavflarni minimallashtirish hamda iste’molchilarga sifatli va zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar mazkur yo‘nalishda xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy standartlarni mahalliy sharoitga moslashtirish va istiqboldagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

“Gulf” — energetika va neft-gaz sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro brend bo‘lib, uning tarixi 1901-yilda tashkil etilgan "Gulf Oil Corporation" kompaniyasiga borib taqaladi. Bugungi kunda “Gulf” brendi turli mamlakatlarda litsenziya va hamkorlik asosida faoliyat yuritib, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, moylash materiallari va boshqa neft mahsulotlari yo‘nalishlarida tanilgan.