Farg'ona viloyatida quritilgan o'rikni qayta ishlash kengaytiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona tumanining Chimyon va Mindon qishloqlarida istiqomat qiluvchi aholi asosan o‘rik yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, bu hududda quritiladigan o‘rik mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham xaridorgir.
Endilikda ushbu mahsulotlarni zamonaviy yondashuvlar asosida qayta ishlash, ularga qo‘shimcha qiymat qo‘shish va eksportbop brendga aylantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Chimyon qishlog‘ida quritilgan o‘rikni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Farg‘ona agro star” agromajmuasi barpo etilmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu yerda bo‘lib, qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Qiymati 50 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida yiliga 10 ming tonna o‘rikni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi hamda 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi hududda yetishtirilayotgan o‘rik va quritilgan o‘rik mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish, tayyor mahsulot turlarini ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirishdan iborat.
Agromajmuani joriy yil oktyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, loyihani belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.