Farg‘ona viloyati Afg‘oniston bizneslari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Afg‘onistonning "Emerald Diamond Trading" MCHJ direktori Abdul Hamidi Anyuri, "Kam Air" kompaniyasi direktori Atilla Azimi, "Tojmahal Petroleum" kompaniyasi direktori Abdul Latif Navruzi hamda ularning Farg‘onadagi hamkorlarini qabul qildi.
Maʼlumki, joriy yilning 26–27 iyul kunlari viloyat hokimi boshchiligidagi tadbirkorlardan iborat viloyat delegatsiyasi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash maqsadida Afg‘onistonda bo‘lib, qator rasmiy uchrashuvlar va biznes muloqotlarini o‘tkazib, turli yo‘nalishlarda samarali kelishuvlarga erishilgan edi. Qobul va Mozori sharif shahrida Farg‘ona viloyati savdo uyi ochilgandi.
Bugungi uchrashuv ana shu tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda ikki tomonlama hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, o‘zaro ishonch va manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Afg‘onistonlik tadbirkorlar Farg‘ona viloyatining sanoat va tadbirkorlik salohiyatini yuqori baholab, savdo, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, energetika va logistika sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar. Ushbu yo‘nalishlarda yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston–Afg‘oniston iqtisodiy hamkorligini kengaytirishda faol ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikda ishlash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish hamda ikki tomonlama savdo aylanmasini oshirish, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.