O‘zbekistonda bank kartalarining qariyb yarmi ishlatilmaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda bank kartalari ortiqcha miqdorda chiqarilmoqda, ammo ularning barchasidan ham faol foydalanilmaydi. Bir nafar katta yoshli aholiga o‘rtacha 3,2 ta karta to‘g‘ri kelishiga qaramay, kartalarning atigi 53 foizi faol ishlatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Moliyaviy ommaboplikning pilot indeksiga ko‘ra, aholi uchun to‘lov xizmatlarining mavjudligi barcha yo‘nalishlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Katta yoshli aholining 83 foizi bank kartasiga ega, qariyb 77 foizi internet-bankingdan foydalanadi, 86,3 foizi esa mobil internet orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin.
Shunga qaramay, to‘lov vositalaridan amalda foydalanish ko‘rsatkichi barcha mahsulotlar orasida eng past bo‘lib, 100 balldan 34 ballni tashkil etgan. Ayni xizmatlarning mavjudligi esa 69 ballga baholangan.
Ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farq chiqarilgan kartalar sonining o‘sishi ulardan faol foydalanishning ortishi bilan birga kechmayotgani bilan izohlanadi. Hisobot maʼlumotlariga ko‘ra, milliy kartalarning yarmidan biroz ko‘prog‘i so‘nggi 12 oy ichida kamida bir marta ishlatilgan.
Shu bilan birga, mamlakatdagi barcha to‘lov operatsiyalarining 69 foizi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalariga (P2P) to‘g‘ri keladi. Kartalar orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lov qilish esa nisbatan kam uchraydigan ssenariy bo‘lib qolmoqda.
Markaziy bank kartalar sonini yana-da ko‘paytirish moliyaviy ommaboplikni oshirish uchun cheklangan samara berishini qayd etmoqda.
Buning o‘rniga savdo ekvayringi tizimini rivojlantirish, kundalik hisob-kitoblarda, jumladan kommunal to‘lovlar, xaridlar va muntazam to‘lovlarda naqd pulsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish ustuvor vazifalarga aylanishi kerak.