Elektron tijorat operatorlari uchun yangi tartib joriy etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil 23 sentyabrdan elektron tijorat operatorlari faoliyati xabar berish tartibida amalga oshiriladi. Tegishli qoidalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 5 avgustdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan va 19 avgust kuni Adliya vazirligida 3927-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Yangi tartib elektron savdo platformalari operatorlari, buyurtmalar agregatorlari operatorlari hamda raqamli striming xizmatlari operatorlariga nisbatan tatbiq etiladi. Nizomning o‘zi esa 2026 yil 24 sentyabrdan kuchga kiradi.
Faoliyat yuritish uchun operatorlar O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi hamda elektron tijorat, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishi lozim.
Bundan tashqari, operatorlar chakana savdo qoidalariga amal qilishi, elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlarni tegishli darajada ko‘rsatish uchun axborot tizimiga ega bo‘lishi va faoliyatni boshlash to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan maʼlumotlarning haqqoniyligini taʼminlashi shart.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda mehnat shartnomalari haqidagi maʼlumotlar «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo apparat-dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Operatorlar, shuningdek, vakolatli organning so‘roviga ko‘ra amalga oshirilayotgan faoliyatga oid maʼlumotlarni bepul taqdim etishi shart.
Faoliyatni boshlash uchun tadbirkor Istiqbolli loyihalar milliy agentligining axborot tizimi orqali Yagona identifikatsiya tizimi — OneID yordamida xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, STIR, joylashgan manzili, elektron pochta manzili, rahbarning telefon raqami, faoliyat amalga oshiriladigan joyning manzili va kadastr raqami, bank rekvizitlari hamda rahbarning identifikatsiya maʼlumotlari ko‘rsatiladi.
Xabarnomaga belgilangan talab va shartlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Nomi, joylashgan manzili yoki xabarnoma beruvchining yashash manzili o‘zgarganida, shuningdek, filial yoki vakolatxona ochilganda operator tegishli o‘zgartishlar ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin 10 ish kuni ichida vakolatli organni xabardor qilishi shart.
Elektron tijorat operatorlari reyestri Istiqbolli loyihalar milliy agentligining veb-saytida joylashtiriladi.
Yangi xabar berish tartibi 2026 yil 22 iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1154-sonli qonunida nazarda tutilgan.