Yo'l harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi Senatga taqdim etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yo'l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o'qishda qabul qildi va uni Senatga ko'rib chiqish uchun taqdim etdi.
Ushbu hujjat bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish natijasida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda transport vositasini topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish, belgilangan tezlikni 80 kilometr/soatdan ortiq miqdorda oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilash nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, shuningdek, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash tartibini muayyan muddat davomida qo‘llamaslik ham nazarda tutilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning ta’sirchanligi va muqarrarligini ta’minlash, haydovchilarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.