Prezident Administratsiya to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashga qaratilgan.
Loyihada Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek Administratsiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qilishi belgilanmoqda.
Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalari ochib berilgan.
Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro va xorij tajribasi o‘rganib chiqilgan. Xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Tayvan, Qozog‘iston, Turkmanistonda Prezident administratsiyasi (kanselyariyasi, ofisi)ning huquqiy maqomi alohida qonunlarda belgilangan.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida hamda mas’ul qo‘mitada atroflicha muhokama qilindi. Muhokamalarga huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari va ekspertlar jalb etildi. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida kelib tushgan har bir taklif moddama-modda ko‘rib chiqilib, dolzarb va asosli deb topilgan takliflar qonun loyihasida o‘z ifodasini topdi.
Mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.