Oʻzbekiston va Loong Air aviakompaniyalari aviareyslarni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Xitoy Xalq Respublikasining “Loong Air” aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turizm va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda “Loong Air” aviakompaniyasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi havo qatnovlarini faol rivojlantirib, Sian – Toshkent, Chendu – Toshkent hamda Sian – Samarqand yo‘nalishlarida muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Tomonlar Xitoy O‘zbekiston uchun eng muhim tashqi turistik bozorlardan biri ekanini alohida qayd etdilar. So‘nggi yillarda Xitoydan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi barqaror o‘sib bormoqda. Xususan, 2025-yilda mamlakatimizga 278,9 ming nafardan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida ushbu ko‘rsatkich 223,5 ming nafarga yetdi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi havo qatnovlari geografiyasini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “Loong Air” aviakompaniyasining mavjud aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda boshqa shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish, shuningdek, ikki tomonlama turizm oqimini oshirish maqsadida qo‘shma marketing va reklama kampaniyalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.