“Uzbekistan Airports” va “Loong Air” Sian – Farg‘ona yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Uzbekistan Airports”AJda Xitoyning “Loong Air” aviakompaniyasining marketing departamenti bosh menejeri Syao Vey boshchiligidagi delegatsiya bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini, jumladan mavjud yo‘nalishlardagi parvozlar sonini ko‘paytirish, yo‘lovchilar uchun xizmatlar doirasini, xususan, “Fast Track” va yuqori darajadagi qulaylikka ega zallar xizmatini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston aeroportlaridagi bojsiz savdo (Duty Free) do‘konlari operatorlari bilan qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Sian – Farg‘ona yangi xalqaro yo‘nalishini ochish muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari mazkur yo‘nalishning tijoriy salohiyatini ko‘rib chiqib, Farg‘ona vodiysi O‘zbekistonning aholisi eng zich, ishbilarmonlik faolligi va turistik salohiyati yuqori hududi ekanini ta’kidladi.
«So‘nggi yillarda Farg‘ona vodiysida Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ko‘paymoqda, shuningdek, mintaqaga ishbilarmonlik maqsadida tashrif buyurayotgan va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida faoliyat yuritayotgan XXR fuqarolari soni ortib bormoqda. Bu omillar yangi yo‘nalishda barqaror yo‘lovchi oqimini shakllantirish uchun zamin yaratadi», — deya ta’kidladi “Uzbekistan Airports”AJning tijorat departamenti mutasaddilari.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Sian–Farg‘ona yo‘nalishida qatnovlarni ochish loyihasi ustidagi hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga, shuningdek, Toshkent va Samarqandga mavjud yo‘nalishlardagi parvozlar sonini oshirish borasida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, “Loong Air” — Xanchjou shahrida (XXR) joylashgan, ichki va xalqaro yo‘lovchi tashishlarini amalga oshiradigan aviakompaniyadir. Ayni paytda tashuvchi O‘zbekistonga uchta yo‘nalish: Sian–Toshkent, Chendu–Toshkent va Sian–Samarqand bo‘yicha haftasiga to‘qqizta muntazam reysni amalga oshirmoqda.