O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Lombard Odier Karimova ishi bo‘yicha 3 mln frank jarimaga tortildi

UzDaily tahririyati · 28.07.2026 · 20:55 · 32 views
Lombard Odier Karimova ishi bo‘yicha 3 mln frank jarimaga tortildi

Lombard Odier Karimova ishi bo‘yicha 3 mln frank jarimaga tortildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Shveysariya Federal jinoiy sudi Jenevadagi xususiy Lombard Odier bankini Gulnora Karimova bilan bog‘liq ishda pullarni legallashtirishning oldini olish bo‘yicha yetarli tashkiliy choralar ko‘rmagani uchun 3 mln Shveysariya franki miqdorida jarimaga tortdi. Sud, shuningdek, 400 mln frankdan ortiq aktivlarni musodara qilishga qaror qildi. Qaror hozircha qonuniy kuchga kirmagan.

Lombard Odier‘ning “Ofis” tuzilmasi bilan bog‘liq hisob raqamlariga xizmat ko‘rsatgan sobiq xodimi og‘irlashtiruvchi holatlarda pullarni legallashtirishda aybdor deb topildi. Sud uni 24 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qildi.

Sud maʼlumotlariga ko‘ra, xodim mablag‘larning ehtimoliy korrupsiyaviy kelib chiqishiga ishora qiluvchi maʼlumotlarga ega bo‘lgan, biroq ularning kelib chiqishi va maqsadini zarur darajada tekshirmagan. Daʼvo muddati hali tugamagan epizodlar 120 mln dollardan ortiq mablag‘larni hisob raqamiga kiritish va 20 mln dollardan ortiq mablag‘larni hisobdan chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Sud Lombard Odier banki xodimi tomonidan qonunga xilof operatsiyalarning oldini olish uchun barcha zarur va oqilona tashkiliy choralarni ko‘rmagan, degan xulosaga keldi.

Bank qaror ustidan shikoyat qilmoqchi. Lombard Odier sud xulosalariga qo‘shilmasligini bildirib, ko‘rib chiqilayotgan davrda ichki nazorat tizimi va pullarni legallashtirishga qarshi kurashish tartib-taomillariga ega bo‘lganini maʼlum qildi. Bank, shuningdek, 2012 yilda shubhali operatsiyalar haqida aynan uning xabar bergani tergov boshlanishiga sabab bo‘lganini taʼkidladi.

Sud 400 mln frankdan ortiq aktivlarni musodara qilishga qaror qildi. Qarorga ko‘ra, ushbu aktivlar pullarni legallashtirish natijasida olingan yoki “Ofis” tuzilmasi nazoratida bo‘lgan. Jinoiy ish yuritish xarajatlari taxminan 2,3 mln frankni tashkil etgan bo‘lib, shundan 500 ming frank Karimova zimmasiga yuklatilgan va ushbu mablag‘lar xatlangan aktivlar hisobidan ushlab qolinishi kerak.

Gulnora Karimovaning o‘ziga nisbatan Shveysariyadagi ish 2026 yil aprel oyida protsessual sabablarga ko‘ra tugatilgan. Sud uning Shveysariyaga kelishi mumkin emasligini, chunki u O‘zbekistonda 2028 yil dekabriga qadar jazo o‘tayotganini va daʼvo muddati tugamaganini qayd etgan. 2026 yil yanvar oyida O‘zbekiston sudi uning jarayonda ishtirok etishi haqidagi so‘rovni yakuniy ravishda rad etgan.

Shu bilan birga, Shveysariya sudi Karimovaga qo‘yilgan ayblovlarning mohiyatini ko‘rib chiqmagan va uning aybdorligi bo‘yicha qaror chiqarmagan. Rossiyada yashovchi va tergov tomonidan Karimovaning ishonchli vakili deb atalgan boshqa ayblanuvchiga nisbatan ish ham xuddi shu tarzda tugatilgan.

Shveysariya prokuraturasining maʼlumotlariga ko‘ra, “Ofis” tuzilmasi Karimova bilan bog‘liq bo‘lgan va tergov kelib chiqishini korrupsiya bilan bog‘lagan mablag‘larni ko‘chirish hamda yashirish uchun foydalanilgan. Shveysariya organlari uni pullarni legallashtirish, korrupsiya va jinoiy tashkilotda ishtirok etishda ayblagan, ammo bu ayblovlar sud tomonidan ish yuritish to‘xtatilgandan keyin ko‘rib chiqilmagan.