O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat bozor nazorati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

UzDaily tahririyati · 07.08.2026 · 21:10 · 29 views
Senat bozor nazorati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Senat bozor nazorati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda isteʼmolchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash hamda tadbirkorlik subyektlari uchun adolatli va shaffof raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, amalda bozorda inson hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish va vakolatli davlat organlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash bilan bogʻliq munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emasligi qayd etildi.

Qonun bilan bozor nazorati sohasida yagona huquqiy mexanizm joriy etilmoqda. Jumladan, bozor nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari, bozor nazorati tadbirlarini oʻtkazish tartibi hamda taʼsir choralarini qoʻllashning aniq huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan bozor nazoratini xavf-xatarlarni baholash asosida tashkil etish, nazorat xaridlarini amalga oshirish, mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish, xavfli mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish hamda isteʼmolchilarni tezkor xabardor qilish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Ayniqsa, iqtisodiy operatorlarning huquqlari kafolatlanib, ularga bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, nazorat materiallari bilan tanishish, audio va videoyozuvlarni amalga oshirish, shuningdek, vakolatli organlar qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi berilayotgani tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi ichki bozorda faqat xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada boʻlishini taʼminlash, isteʼmolchilarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish, davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini oshirish, halol tadbirkorlik muhitini mustahkamlash hamda mamlakatimizda bozor nazoratining zamonaviy va samarali tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.