Mahsulotlarning xavfsizligini taʼminlashda yangi tizim joriy qilinmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonlari, elektron tijoratning jadal rivojlanishi, transchegaraviy savdoning kengayishi hamda mahsulotlar turlarining ortishi mahsulotlar xavfsizligi sohasida mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.
Ushbu Qonun mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash hamda isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.
Qonun Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik toʻsiqlar toʻgʻrisidagi bitimi hamda xalqaro ilgʻor amaliyot talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Bozorga chiqariladigan barcha mahsulotlar xavfsiz boʻlishi shart. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va iqtisodiy operatorlar mahsulotning xavfsizligi uchun bevosita masʼul hisoblanadi.
Shuningdek, iqtisodiy operatorlarga mahsulot xavfini baholash, texnik hujjatlarni yuritish, mahsulotni identifikatsiya qilish, isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarni hisobga olish hamda xavfli mahsulotlarni bozordan qaytarib olish boʻyicha aniq majburiyatlar yuklatilmoqda.
Qonun bilan bozor nazoratining xavflarga asoslangan yangi mexanizmi joriy etilib, xavfli mahsulotlarni tezkor aniqlash va ularni muomaladan chiqarish boʻyicha milliy axborot almashuvi tizimi tashkil etiladi.
Senatorlarning fikricha, Qonun aholi hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ichki bozorga kiritilayotgan mahsulotlar xavfsizligini kafolatlash, isteʼmolchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish va ularning bozorga boʻlgan ishonchini mustahkamlash uchun huquqiy asos yaratiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.